Форум_Ўзбекистон


Join the forum, it's quick and easy

Форум_Ўзбекистон
Форум_Ўзбекистон
Would you like to react to this message? Create an account in a few clicks or log in to continue.

Ўзбекистон қонунлари қай даражада бажарилмоқда?

Go down

узбекистон - Ўзбекистон қонунлари қай даражада бажарилмоқда? Empty Ўзбекистон қонунлари қай даражада бажарилмоқда?

Post by Admin Sat Oct 22, 2011 3:00 pm

O’zbekistonda adolatli mehnat sharoitlari mavjudmi?

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining IX bob. Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar, 37-moddasida shunday deyilgan:

”Har bir shaxs mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va qonunda ko’rsatilgan tartibda ishsizlikdan himoyalanish huqugiga egadir. Sud hukmi bilan tayinlangan jazoni o’tash tartibidan yoki qonunda ko’rsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.”
(manba: http://lex.uz/guest/irs_html.winlav?pid=20596).

Men shu mavzuda fikr almashish maqsadida ushbu moddadagi uchta jumlaga ya’ni ”…adolatli mehnat sharoitlarida ishlash va ishsizlikdan himoyalanish huquqiga egadir ...majburiy mehnat taqiqlanadi ” - degan jumlalarning ma’no va mohiyatiga e’tiborimizni qaratsak degan edim.

- O’zbekiston fuqarolari uchun adolatli mehnat sharoitlari qay darajada yaratilgan?
- O’zbekistonliklar qonunda belgilangan ishsizlikdan himoyalanish huquqlariga haqiqatan egami?
- O’zbekistonda majburiy mehnat haqiqatan ta’qiqlanganmi?

Mana O’zbekistonning mustaqiil davlat bo’lganligiga ham 20 yildan oshdi. Lekin O’zbekiston fuqarolari mustaqil bo’ldilarmi?
Ha, albatta, mustaqillikka erishgan kunning o’zidayoq katta natijalarni ko’zlamoqlik, yoki insonning barcha hohish va talablariga mos keladigan ulkan yutuqlarga qisqa muddatlarda erishmoqlik haqida o’y-fikrlar yuritmoqlik ham adolatdan emasdir.
Ammo berilgan muddat - bu berilgan imkoniyatdir. 20 yillik muddat bu juda katta imkoniyat ediku. Berilayotgan har bir imkoniyatlarning esa so’rovi ham bordir. Ya’ni “Har bir narsaning ibtidosi bo’lganidek, uning intihosi ham bordir”- degan azaliy bir naql bor.

Men o’ylaymanki, xatto qisqa muddatlarda ham katta natijalarga erishmoqlik mumkin, faqat buning uchun eng avvalo istak, keyin esa reja va nihoyat tinimsiz izlanishlar hamda samarali harakatlar qilmoqlik talab qilinadi. Har bir inson o’z oldiga qo’ygan vazifasini o’ziga berilgan imkoniyatlardan kelib chiqib ulardan oqilona va adolatli foydalansagina ulkan yutuq va zafarlarga erishish mumkin.
Ammo ADOLAT so’zining asl ma’nosini tushuna olmayotgan, balki aynan tushunishni ham hohlamayotgan O’zbekiston Hukumati o’z fuqarolariga mustaqillik imkoniyatlarini yaratib berish o’rniga fuqarolarni mustaqil va baxtli yashash uchun zarur bo’lgan barcha imkoniyatlardan maxrum qildi.
Mustaqillikning marhamati va barcha imkoniyatlaridan faqatgina ochko’z Hukumatning o’zigina foydalanib, u o’z manfaatlari yo’lida oddiy xalqni qullarga aylantirdi va aylantirmoqda. ”Nega endi O’zbekiston fuqarolari qullar holiga tushdi, bunga isbotingiz bormi?” - deb so’rasangiz, men bunga javoban millionlab o’zbekistonliklarning haq-huquqlari poymol bo’layotganligini, mehnat sharoitlari og’ir ekanligini, ishsizlikdan himoya qilinmayotganligini misol qilib aytaman. “Amerika Ovozi” radiosi tarqatgan xabarlarga ko’ra “Rossiyada turli hisoblarga ko’ra, 7-10 million atrofida muhojir bor. Ular asosan Kavkaz va Markaziy Osiyodan keladi. Ayniqsa O’zbekistondan Rossiyaga ish qidirib borayotganlar ko’p. Aksariyati qora ishda ishlaydi, huquqiy himoyaga muhtoj, millatchi guruhlar hujumlariga uchrab turadi” (manba: http://www.voanews.com/uzbek/news/a-36-2008-05-16-voa3-93355069.html).

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan 2011 yilning 1 avgustidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida eng kam ish haqi – oyiga 57 200 so‘m (taxminan $32) miqdorida belgilandi (manba: http://www.adolat.net/?p=1619).
Bugun O’zbekistonda 1 kg. go’shtning narxi 10000-15000 so’mdir, ro’zg’orda etishmovchilik sababli k o’pchilik fuqarolar ho’jalik to’lovlarini vaqtida to’lay olmayaptilar. Eng zarur b o’lgan oziq-ovqat mahsulotlaridan un, non, yog’larning narxi osmonda! Kiyim-kechak, dori-darmon, yo’l kiraga pul topa olmayotgan, bo’g’zigacha qarzlarga botib ketgan, muammolar ko’pligidan va ularning echimini topa ololmayotganligidan o’zini joniga qasd qilayotganlar soni k o’payib bormoqda (manba: http://www.ozodlik.org/content/article/24322808.html).
Imkonini topganlar esa, yana o’sha qarz botqog’iga o’z oyoqlari bilan bormoqda, ular yo’l kira uchun bir amallab pul to’plab, keyin esa har qanday sharoitlarga rozi bo’lib, ozgina pul topishlik maqsadida o’zga yurtlarga qochib ketmoqda. O’zga yurtlarda ham omadi yurishmay, biror ish topa olmay, dardini kimga aytishni bilmasdan, umidlari so’nib pulsiz qaytib kelayotgan va O’zbekiston hukumatini, prezidentini, mavjud diktator-zulmkor tuzumni maqtab gapirishga majbur qilinayotgan oddiy o’zbekistonlik odam qul bo’lmasdan yana nima bo’lsin? (manba: http://www.ozodlik.org/content/ozbekiston_yana_yomonlarning_yomoni/24212837.html)

Mana men Shvetsiya davlatida 6 yildan beri yashayman. Hozirda bir qurilish korxonasida ishlayman. Adolatli mehnat sharoitlarini men mana shu erda ko’rdim. Bizning qurilish koxonamizda minglab odamlar ishlaydi, ish vaqtimiz ertalabki soat 06.30 dan 15.30 gacha. Ish orasida 3 marotaba, soat 08.30 dan 09.00 gacha, soat 11.00 dan 11.30 gacha va 13.15 dan 13.45 gacha nonushta va tushlik uchun vaqt ajratiladi. Bu degani barcha ishchilar bir kunlik ish vaqti mobaynida yarim soatdan 3 marotaba dam olish huquqiga egadirlar. Hech bir ishchining haq-huquqi poymol qilinmaydi, hech kim, xatto boshqa millatga mansub ishchilar ham kamsitilmaydi.
Korxonada boshliqlar bilan ishchilar o’rtasida o’zaro chiroyli va samimiy ma’naviy munosabatlar shakllangandir. Ish mobaynida kelib chiqish mumkin bo’lgan barcha muammolarni oldini olish maqsadida davlatning mehnatni muxofaza qiluvchi tashkilotlari va ishchilarning haq-huquqlarini himoya qiluvchi kasaba uyushmalari ish beruvchilar bilan o’zaro davomli muloqotlar olib borish bilan davlat qonunlari amalda qay darajada bajarilishini nazorat qilib turishadi. Ya´ni qonunning qanchalik ijro etilayotganligini shu kabi tashkilotlardagi xalq vakillari nazorat qiladilar.

Bu narsalar davlat xizmat xodimlarining ham oddiy fuqarolarning ham qonunlarni xurmat qilishlarini va jamiyatda qonun ustivorligini, insonlar orasida esa yuqori madaniyat borligidan dalolat beradi.
Ishchilar o’z ish joylarida o’zbekistonlik quruvchilar hali-beri ko’rmagan faqatgina orzu qiladigan kerakli asbob-uskunalar, moslamalar va jihozlar bilan ta’minlangandir.
Ota-bobolarimiz: “Ish quroling soz bo’lsa, mashaqqating oz bo’lur”- deb aytib kelgan. Eng zamonaviy uskunalar yordamida ishchilarning mehnatlari qanchalik engillashtirilganligini ko’rib, qurilish va ta’mirlash ishlarini chuqur, obdon o’ylab chiqilgan rejalar asosida barcha talablarga javob beradigan yuqori sifatli darajada amalga oshirilayotganligini ko’rib, jadallik, tezkorlik va eng muhimi mehnat havfsizligi va samaradorligini ko’rib va bunday ijobiy natijalar yillar davomida faqat o’sib borayotganligini ko’rib havas qiladi odam.
Axir ishchi kuniga 7,5 soat ishlab, ammo 8 soatlik ish vaqt uchun maosh olsa va uning barcha huquqlari davlat qonunlari va xodimlari tomonidan ta´minlanib turilsa bular rivojlanishning belgilari emasmi?
Korxonaning faol ishchilariga ishga borib kelishligi uchun xizmat avtomobillari beriladi va ishlatilgan benzin uchun ham yordam haqi to’lanadi. Agar avtomobili shikastlansa yoki o’g’irlab ketilsa korxona tomonidan ehtiyotkorlik va himoya chorasi sifatida oldindan qilingan sug’urta asosida avtomobilning pulini sug’urtani o’z bo’yniga olgan kompaniyadan undirib olinadi. Korxonamizdagi quruvchilarning eng kam ish haqi - oyiga 18.292 krona, bu taxminan $2600 yoki 475 000 so’mga to’g’ri keladi. Bu adolatli ish haqi emasmi?

Bir oddiy shvedni yoki umuman evropalik bir odamni misol qilsak, u hohlasa do’kondan eng qimmatbaho buyumni, yoki eng zo’r kompyuterni, yoki hozirgi eng zamonaviy, yangi rusumdagi bo’lmish Amerikada ishlab chiqariladigan iPhone 4S mobil aloqa vositasini, yoki eng chiroyli va qimmatbaho avtomobillardan, masalan, Volvo XC 90, Audi A8 L W12, Volskwagen Passat Variant, yoki Mersedess CL-Klass Coupedan xoxlagan birini kredit evaziga (ya’ni 5-10 yil ichida to’lab berish evaziga) sotib olish huquq va imtiyozlariga egadir.
Hohlasa ishlab topgan oyligidan kredit evaziga qimmatbaho, tomorqasi bor 2 qavatli baland bir villa - uy sotib oladi. Bular har bir Shvetsiya fuqarosi erisha olishi mumkin bo’lgan oddiy haqiqatdir.
Bunday yuksak taraqqiyotga Shvetsiya hukumati va xalqi shubhasiz adolat mezoni ostida erishgandirlar. Mana shu narsalar shu davlatning, shu hukumatning o’z fuqarolariga yaratib bergan adolatli sharoitlaridir. Albatta, bu narsalar o’z-o’zidan bo’lmagan. Bunday sharoitlar bo’lishligi uchun eng avvalo Shvetsiya halqining o’zi doimiy ravishda kurashgan va hozirda ham bu xalq o’zining haq – huquqlari va yashash sharoitlari yanada yaxshi bo’lishligi uchun o’z kurashini davom ettirmoqda. Agar e´tibor bersangiz, “demokratiya” so’zini Shvetsiya fuqarolarining kattadan kichigigacha hammasi tushunishadi, bu so’z og’izdan tushmaydigan oddiy so’zlardan biriga aylanib qolgan.

Shu erda endi adolat bilan bir fikr-mulohaza yuritsak va solishtirsak, aytingchi O’zbekistondagi eng kam ish haqi $32 bo’lsa va dam olish kunisiz, shanba –yakshanba demay kechayu-kunduz tinmay ter to’kib mehnat qilayotgan o’zbekistonlik oddiy fuqaroning va 1 haftada 5 kun ishlab 2 kun dam olib, kuniga 7,5 soatdan ishlayotgan, har yili 1 oyga ta’tilga chiqib Ispaniya, Dubay, Tailand, Malaysiya, Turkiyaga xordiq chiqargani borish uchun barcha sharoit va imkoniyatlarga ega bo’lgan bir oddiy shved fuqarosidan inson jihatidan nima kam joyi bor?

Oddiy o’zbekistonliklar yuksak texnologiya asosida yaratiladigan qimmatbaho mobil telefon va kompyuterlarni, “lyx auto” deb ataluvchi avtomobillarni, hashamatli villa-uylarni hali-beri rasmini ham ko’rmagan, xatto bu narsalarni borligini ham bilmaydi, menimcha.
Ularni rasmini qaerda ham ko’rsin bechora o’zbek agar uyida oddiy kompyuteri bo’lmasa, haligi shvedlarning esa qariyb har birining xonadonida 100 MB tezlikda xabar olish va tarqatish qudratiga ega bo’lgan internet va kompyuterlarini borligini aytmay qo’yaveraylik.

Qachon O’zbekistonda oddiy fuqarolarga, oddiy xalqqa ham shunday sharoitlar yaratilib beriladi, 1000 yildan keyinmi? Axir haq-huquqlari toptalgan, poymol bo’lgan, qadr-qimmati er bilan yakson qilingan, ezilgan, xor bo’lgan oddiy o’zbekistonlik o’z orzu-havaslariga qachon erishadi? Sho’r peshona o’zbekistonlik o’z haq-huquqlarini himoya qilishni, haq va huquqlar uchun kurashishni, ularni talab qilish qanday bo’lishligini bilmaydiku.
Agar siz O’zbekistonda haqiqatni ochiq gapirsangiz sizni birinchi navbatda ishdan haydashadi, keyin poymol bo’lgan huquqlaringizni himoa qilmoqchi bo’lsangiz sizni qamoq jazosi bilan “mukofotlashadi”.
(bular haqida ayrim misollar bu erda bor: https://www.youtube.com/watch?v=TzvjeerFOD8 ,
https://www.youtube.com/watch?v=FYA6SCOs47c, https://www.youtube.com/watch?v=7K8ngVCOcR8&feature=related , https://www.youtube.com/watch?v=KtFTiknigBQ )

Mana O’zbekiston asosiy qonunidan yana bir ko’chirma: “... majburiy mehnat taqiqlanadi ”(O’zb. Resp. Konstitutsiyasining 37-moddasi). Undan tashqari O’zbekiston 1992 yil 13 iyulda “Majburiy mehnat to’g’risida” Xalqaro Mehnat Tashkilotining Konvensiyalarini imzolagan. (manba: http://www.mexnat.uz/uzb/inter.php).
Lekin 9-10 yillik o’qish davrida ta´lim olish o’rniga erta bahorda yagana va chopiqqa, kuzda esa paxta yig’im terimiga yo’ppasiga haydaladigan millionlab bolalar ilm va ma’rifatga ega bo’lishdan mahrumdirlar.
Buyuk olimlar chiqishi mumkin bo’lgan O’zbekiston diyorida intellektual salohiyat, ya’ni ziyo egalari darajasiga etishishdan to’silayotgan kelajak avlodimiz o’z bilim yurtlaridan muallimalari bilan birga har yili paxta dalalariga majburiy mehnat uchun haydaladilar. (manbalar: https://s1233.photobucket.com/albums/ff390/huquq/Bolalar%20mehnati/?action=view&current=33629203.pbw, http://www.bbc.co.uk/uzbek/uzbekistan/2011/08/110803_latin_teachers_labour.shtml, http://www.ozodlik.org/content/ozbekistonda_bolalar_mehnati_boyicha_xalqaro_tekshiruv_soralmoqda/24233448.html )

Bolalarda nima ayb bor?
Qonunlarda ko’zlangan “adolat” qaerda qoldi?
Qonunlarga rioya qilishlikka faqat fuqarolar majbur qilinadimi?
Axir O’zbekiston Prezidenti I.Karimov O’zbekiston Konstitutsiyasiga qat’iy rioya qilishlikka bir necha bor qasamyod qilmaganmidi??? (manba: https://www.youtube.com/watch?v=v2b3-UFtwpE )

E´tibor berayapsizmi? O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining birgina 37-moddasi bo’yicha qanchadan-qancha qonunbuzarliklar mavjuddir...
Yana qanchadan-qancha misollar keltirishlik mumkin, ammo bunday ma’lumotlarni hammasini o’qib chiqqani na sizlarda toqat va na menda xoxish bordir.
Ammo nima qilishimiz kerak? Muammolar ko’p ekan deb ularga ko’z yumishimiz kerakmi yoki sobitqadamlik ila ularni bittama- bitta o’rganib echimini topishlik uchun shvedlar kabi erinmay, qo’rqmay, qiyinchiliklar oldida chekinmay va taslim bo’lmay kurashishimiz kerakmi?

Mamlakatdagi va uning tashqarisidagi hamyurtlarimizning yorqin va baxtli kelajak haqidagi orzu-umidlari yonib-so’nib bormoqda. Bu adolatsiz O’zbekiston hukumatidan hech qachon muruvvat kutib bo’lmasligini o’tgan 20 yil ko’rsatdi. Xo’sh, biz yana qancha kutishimniz kerak?
Umuman bu Hukumatdan biz nimalarni kutmoqdamiz?

Kelinglar birlashaylik, o’z ozodligimiz va mustaqilligimiz uchun, yorqin va baxtli kelajagimiz uchun, O’zbekistonda adolatni o’rnatich uchun nohaqliklarga qarshi o’zimiz kurashaylik!

O’zbekiston Xalq Harakati Huquqiy Masalalar Bo’limi a’zosi
Anvar Mavlon
2011 yil 22 oktyabr


Admin
Admin

Posts : 1326
Join date : 2010-02-04

http://ihrsu.org

Back to top Go down

Back to top

- Similar topics

 
Permissions in this forum:
You cannot reply to topics in this forum